BMT Taraqqiyot Dasturi tabiiy ofatlar xavfi mavjud hududdagi mahallalar aholisining FV bo‘yicha hozirlik darajasini oshirmoqda
1-August, 2024
BMT Tarqqiyot Dasturi tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkorligida va Yashil iqlim jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida O‘zbekistondagi yettita hududda joylashgan 15 ta mahallaning 200 dan ortiq faol fuqarolariga favqulodda vaziyatdan oldin, u yuz berganida va undan keyin qanday harakat qilish choralari o‘rgatildi.
Treninglar bir nechta bosqichda o‘tkazilib, ularning natijasi bo‘yicha mahallalar uchun mahalliy chora-tadbir ko‘rish rejalari ishlab chiqildi. Ushbu rejalar mahalliy aholi evakuatsiyasini tashkil qilish hamda birinchi yordam ko‘rsatish imkonini yaratish orqali favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytiradi va ularning oqibatlarini yumshatadi.
Jahon bankining reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston tabiiy ofatlarga moyil mamlakatlar reytingida yuqori o‘rinlarni egallagan (24-o‘rin). Mamlakat umumiy maydonining 9,3 foizi xatar hududida joylashgan bo‘lib, unda 65,6 foizdan ortiq aholi istiqomat qiladi hamda aynan shu hududda milliy yalpi ichki mahsulotning 65,5 foizi shakllanadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida vujudga keladigan tabiiy ofatlar odamlarning halok bo‘lishi va katta iqtisodiy yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi. Tabiiy ofatlar ehtimoli yuzasidan erta ogohlantirish va aholining to‘g‘ri harakat qilishi - favqulodda vaziyatlarning salbiy oqibatlarini yumshatish imkonidir.
Hamjamiyatlar darajasida zaxira rejalashtirish va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘tkazilgan treninglar aholining tabiiy ofatlarga tayyorgarlik darajasini oshirish orqali favqulodda vaziyatlar xatarini va oqibatlarini qisqartirishga yo‘naltirildi. Trening doirasida ishtirokchilar sel, qor ko‘chishi, ko‘chki, zilzila, toshqin kabi turli favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tartibi bilan tanishdilar. Xususan, "Mahalla fuqaro muhofazasi" guruhlari shakllantirilib, ularning funksional majburiyatlari belgilandi, shuningdek FVV ko‘magida mahalliy chora-tadbir ko‘rish rejasini yaratish ustida ish olib borildi.
"Trening davomida 70-80-yillarda sel oqimlari mahallamizga yetib kelgan holatlar yodimga tushdi, o‘shanda qanday harakat qilishni bilmasdik. Lekin hozir trening yordamida ko‘p narsalarni o‘rgandik, bizga sel yuz bergan taqdirda harakatlar tartibi qanday bo‘lishi kerakligi, qayerga borish zarurligini ko‘rsatib va so‘zlab berdilar",
- deya o‘rtoqlashadi Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan "Kumushkon" mahallasida yashovchi Maysara Radjaboyeva. Uning mahallasi sel oqimlari va ko‘chkilarga moyil hududda joylashgan.
"Men olingan axborotni, ayniqsa yoshlarga, yetkazish naqadar muhimligini tushunaman. Men tadbirkor sifatida mahalla aholisi bilan ko‘p muloqot qilaman va bugun o‘zlashtirgan bilimlarimni ularga yetkazishga harakat qilaman", - dedi Maysara Radjaboyeva.
Toshkent viloyatidan tashqari, treninglar Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ham o‘tkazildi. Treninglar O‘zbekiston aholisini xavfli tabiiy hodisalarga chidamliligini oshirish uchun kompleks erta xabardor qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha BMTTDning keng ko‘lamli ishlarining bir qismi hisoblanadi.
BMTTD, FVV va O‘zgidromet xizmatining "O‘zbekiston aholisining iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan xavf-xatarlarga nisbatan chidamliligini oshirishga qaratilgan kompleks erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish" nomli qo‘shma loyihasi Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha faoliyati O‘zbekistonning aholisi zich va iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgan tog‘li hududlaridagi suv toshqinlari, sellar, ko‘chkilar, qor ko‘chkilari va gidrologik qurg‘oqchilik kabi tabiiy ofatlarga urg‘u bergan holda mamlakatdagi erta ogohlantirish tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan.